CHORTOQ TUMANIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
2026-11-22 17:10:00 / Yangiliklar

CHORTOQ TUMANIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
Bugun, 21-noyabr kuni Chortoq tumani Do‘stlik MFY hududida joylashgan tuman gaz filialining yuqori bosimli “RDUK-100” gaz taqsimlash punktida maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
Mashqdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yong‘in va portlash xavfi mavjud obyektlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, fuqaro muhofazasi tuzilmalari hamda Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari va shayligini amalda sinovdan o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashqi davomida shartli avariya va yong‘in holati yuzaga keltirilib, favqulodda vaziyatlar bo‘linmalarining tezkor harakatlanishi, insonlarni qutqarish, yong‘inning tarqalishini cheklash va uni qisqa fursatda bartaraf etish, shuningdek, kuch va vositalarni samarali boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Mashq yakunida ishtirokchilarning harakatlari tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan muhokama o‘tkazildi.




