“Do‘stlik savdo sanoat bozori”da maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
2026-10-16 09:10:00 / Yangiliklar

“Do‘stlik savdo sanoat bozori”da maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul xodimi hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida Yangi Namangan tumani hududida joylashgan “Do‘stlik savdo sanoat bozori” da maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Mashqdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bozorda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, qutqaruv xizmatlari va hamkor tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash hamda amaliy harakatlarga tayyorgarligini sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Mashq davomida shartli yong‘in o‘chog‘ini bartaraf etish, fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, bozor hududidagi suv manbalarining ishchanlik holatini tekshirish, shartli jabrlanganlarni qutqarish hamda yong‘inning qo‘shni savdo rastalariga tarqalishining oldini olish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyat vaqtida bozor hududida odamlar harakatini tartibga solish, evakuatsiyani to‘g‘ri tashkil etish, tegishli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishtirokchilarning amaliy va nazariy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Mashq jarayonida favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari hamda Fuqaro muhofazasi davlat tizimi (FVDT) tuzilmalarining jangovar shayligi ham sinovdan o‘tkazildi.
Mashq yakunida ishtirokchilarning harakatlari tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Jumladan, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish, bozor hududidagi kirish-chiqish yo‘llarini doimo ochiq saqlash hamda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining shay holatda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.









