Korrupsiyaga — murosasiz munosabat, qonuniylikka — qat’iy talab
2026-10-08 08:15:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga — murosasiz munosabat, qonuniylikka — qat’iy talab
Namangan viloyati FVBda korrupsiyaga qarshi kurashish va qonuniylikni ta’minlash masalalari qat’iy muhokama qilindi
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish hamda xizmat faoliyatida qonuniylikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Namangan viloyati FVB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik T. Jurayev, Namangan viloyati prokuraturasining qurilish sohasi bo‘yicha mas’ul xodimi kapitan J. Isomiddinov hamda shaharsozlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan boshqarma mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda shaharsozlik sohasida faoliyat olib borishda qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Rahbariyat tomonidan xodimlarga xizmat vazifalarini bajarishda qonun talablariga so‘zsiz rioya qilish, fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini xolis hamda o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, har qanday korrupsiyaviy holatga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha qat’iy talablar bildirildi.
Prokuratura vakili tomonidan esa pora olish yoki berish, xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish, tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, hujjatlarni ko‘rib chiqish va kelishish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida shaharsozlik sohasida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish hamda har bir xodimning xizmat faoliyatida halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilishi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — faqat vazifa emas, halol va mas’uliyatli xizmatning asosiy mezonidir.



