“NAMANGAN TAJRIBASI”: AHOLI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA YANGI TIZIM YO‘LGA QO‘YILDI
2026-08-18 08:20:00 / Yangiliklar

“NAMANGAN TAJRIBASI”: AHOLI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA YANGI TIZIM YO‘LGA QO‘YILDI
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari, mahalla volontyorlari hamda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi (FVDT) quyi tizimlari tarkibiga kiruvchi tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda Yangi Namangan tumani A. Beruniy MFY hududida aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etishga qaratilgan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, “Namangan tajribasi” sifatida har bir ko‘p qavatli uyning kirish qismi yonida yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyat yuzaga kelganda aholining xavfsiz hududga tez va tartibli harakatlanishini ta’minlash maqsadida QR-kodli evakuatsiya xaritalari joylashtirildi.
Shuningdek, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha maxsus axborot-tushuntirish burchaklari tashkil etilib, ular yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlandi.
Bundan tashqari, mahalla volontyorlari uchun birinchi yordam ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilib, ushbu shoxobchadan foydalanish, favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi hamda zarur choralar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Aholini favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor ogohlantirish maqsadida hududga 10 metr balandlikdagi ustunga ovoz kuchaytirgich moslamasi o‘rnatildi.
Hududda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni doimiy nazorat qilish va ularga tezkor javob qaytarish maqsadida 24 soatlik videokuzatuv tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy videokuzatuv kamerasi Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor navbatchilik qismiga integratsiya qilindi.
Shu bilan birga, profilaktik tadbirlar davomida aholi xonadonlariga kirib, fuqarolarga yong‘in, is gazidan zaharlanish, chaqnash hamda cho‘milish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berildi.
“Namangan tajribasi” — aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va har qanday holatda tezkor hamda tartibli harakat qilishga qaratilgan samarali tizim.







