Namangan viloyati “MERRYMED FARM” MChJ yirik omborxonasida maxsus taktik oʼquv mashqi oʼtkazildi
2026-07-24 14:25:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati “MERRYMED FARM” MChJ yirik omborxonasida maxsus taktik oʼquv mashqi oʼtkazildi
Bugun, 24-iyul Namangan viloyati Yangi Namangan tumani “Sherbuloq” MFY hududida joylashgan “MERRYMED FARM” MChJga qarashli yirik omborxonada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etish, qutqaruv ishlarini tashkil etish hamda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Favqulodda vaziyatlarda davlat quyi tizimlari tarkibiga kiruvchi tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Mashq davomida shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘in holatida obyektda tashkil etilgan fuqaro muhofazasi tuzilmalari va ishchi-xizmatchilarning harakatlari, mavjud birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining tezkor harakatlari, yong‘inning tarqalishini cheklash, jabrlanganlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda kuch va vositalarni samarali boshqarish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, obyekt ishchi-xizmatchilaridan tuzilgan fuqaro muhofazasi tuzilmalarining favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgandagi harakatlari ham amalda sinovdan o‘tkazildi.
Mashq yakunida hamkor tashkilotlar va qutqaruv xizmatlarining o‘zaro hamkorligi, shayligi hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi baholanib, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur maxsus taktik o‘quv mashqi yirik omborxonalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni mustahkamlash, kuch va vositalarning o‘zaro hamkorligini oshirish hamda yong‘inlarning oldini olish va oqibatlarini tezkor bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni yanada takomillashtirishga xizmat qildi.








