NAMANGAN VILOYATI “TO‘RAQO‘RG‘ON IES”DA MAXSUS TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
2026-07-23 08:45:00 / Yangiliklar

NAMANGAN VILOYATI “TO‘RAQO‘RG‘ON IES”DA MAXSUS TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
Bugun Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on IES” hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya oqibatlarini bartaraf etish, yuzaga kelishi ehtimol bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish hamda qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan fuqaro muhofazasi tuzilmalari va Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimlari tarkibiga kiruvchi tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Mashq davomida shartli ravishda yuzaga kelgan texnogen avariya va yong‘in holatida fuqaro muhofazasi tuzilmalarining harakatlari, mavjud birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, qutqaruv va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining tezkor harakatlari, yong‘inning tarqalishini cheklash, jabrlanganlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish hamda kuch va vositalarni samarali boshqarish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, mashq jarayonida obyektda faoliyat yuritayotgan qutqaruv xizmatlari hamda hamkor tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.
Xodimlarning favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda qutqaruv ishlarini tezkor va samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
O‘quv mashqi yakunida mutasaddilar tomonidan ishtirokchilarning harakatlari tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda favqulodda vaziyatlarga shaylik darajasini yanada oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.









