“Payshanba — yoshlar kuni” doirasida Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Avazbek Ibragimov, markaz direktori Xurshid Abduvaliyev hamda yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
2026-09-17 14:05:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Payshanba — yoshlar kuni” doirasida Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Avazbek Ibragimov, markaz direktori Xurshid Abduvaliyev hamda yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi xizmat faoliyati, qutqaruvchilik kasbining o‘ziga xos jihatlari, uning mashaqqati va sharafi, shuningdek, tizimdagi oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish hamda ishga qabul qilinish tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlar bilan suhbat davomida xonadonlarda yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik talablariga rioya etish, turli xavf-xatarlarning oldini olish borasida zarur tavsiyalar berildi. Uchrashuv davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
Tadbirning amaliy qismi esa yoshlar uchun yanada qiziqarli va mazmunli bo‘ldi. Unda maxsus qutqaruv texnikalari, zamonaviy qutqaruv vositalari va asbob-anjomlar namoyish etilib, ularning vazifasi, qo‘llanilish tartibi va imkoniyatlari amaliy tarzda tushuntirib berildi.









