ANDIJON VILOYATIDA “KEKSALAR VA FAXRIYLAR HAFTALIGI” O‘TKAZILDI.
2026-10-21 23:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 19–20-oktabr kunlari amalga oshirilgan tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad boshqarma Faxriylar kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishish va amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi. Tashrifning birinchi kunida Andijon tumani sanoat zonasida yangi qurilgan qutqaruv qismida shaxsiy tarkib uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, qismga ajratilgan yong‘in o‘chirish avtomobili va uning jihozlari bilan tanishildi.
Shundan so‘ng boshqarma Faxriylar kengashi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazilib, faxriylar bilan olib borilayotgan ishlar, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi hamda tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida uzoq yillar xizmat qilgan, iste’fodagi polkovnik Mo‘minov Mutalibjon Mo‘minovich hamda viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasida uzoq yillar faoliyat yuritgan, iste’fodagi podpolkovnik Jo‘rayev Odiljon Abduvohidovichning xonadonlariga tashrif buyurilib, holidan xabar olindi. Faxriylarning ijtimoiy ahvoli va mavjud ehtiyojlariga e’tibor qaratilib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
Tashrif yakunida boshqarmaning Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi hamda Shaharsozlik sohasida profilaktika bo‘limlari yosh ofitserlari ishtirokida seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Seminar davomida faxriylarning boy xizmat tajribasi, kasbiy bilimlari va hayotiy saboqlarini yosh xodimlarga yetkazish, ular o‘rtasida ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, shuningdek, aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Faxriylarga ehtirom — o‘tmishga hurmat, kelajakka ibratdir!








