ANDIJONDA "G‘ALLA–2026" TADBIRI DOIRASIDA TUSHUNTIRISH ISHLARI OLIB BORILMOQDA
2026-06-10 15:35:00 / Yangiliklar

Tadbirlar davomida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida ishtirok etayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, kombayn va yuk avtomobillari haydovchilari hamda boshqa mas’ul shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan dala maydonlarida yong‘inlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralari, qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik sozligini nazorat qilish, uchqun qaytargichlar bilan jihozlanganligini ta’minlash, yonilg‘i-moylash materiallaridan xavfsiz foydalanish hamda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarini doimo shay holatda saqlash bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan taqdirda zudlik bilan tegishli xizmatlarga xabar berish, yong‘in tarqalishining oldini olish va insonlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan dastlabki harakatlar yuzasidan amaliy tavsiyalar yetkazildi.
Profilaktik tadbirlar davomida dala maydonlari, texnika vositalari va hosil saqlanayotgan hududlarning yong‘inga qarshi holati ham ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shahrixon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan "G‘alla–2026" mavsumini xavfsiz va talafotlarsiz o‘tkazish maqsadida nazorat-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.






