Andijonda huquqbuzarliklar profilaktikasiga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi
2026-05-16 10:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi MM va TIB mas’ul ofitseri podpolkovnik N.Amanov hamda Andijon harbiy prokurori adliya polkovnigi I.Mamatqulovlar tomonidan Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirokida huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan muhim yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda boshqarma shaxsiy tarkibi boshqarma majlislar zalida, shahar va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi shaxsiy tarkibi esa “ZOOM” platformasi orqali masofadan ishtirok etdi.
Tadbir davomida korrupsiyani oldini olish, xizmat intizomini mustahkamlash, davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarni qonuniy tarzda amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va shaxsiy tarkib o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.








