INSON QADRI VA HUQUQIY HIMOYA
2026-05-18 10:00:00 / Yangiliklar
Forish tumanining chekka va chekka hududlarida ham aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunchilikdagi yangiliklarni mahallabay tizimda tushuntirish hamda fuqarolarning muammolarini bevosita joyida hal etishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri tumanning “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi H.Mamarasulov va Jizzax viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi M.Fayfazov ishtirokida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor uchrashuv tashkil etildi.
“Mening mahallam – mening sudyam” va “Inson qadri va manfaatlari uchun” g‘oyalari ostida o‘tgan ushbu uchrashuvda mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar vakillari hamda hudud aholisi ishtirok etdi.
Sud tizimida raqamlashtirish va masofaviy ishtirok
Ochiq muloqotda so‘z olgan Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi H.Mamarasulov so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, sud jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi haqida to‘xtaldi.
Sudya H.Mamarasulov o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, sud binolariga kelib yurishiga hojat qolmayapti. Joriy etilgan masofaviy ishtirok tizimi (videokonferensaloqa) ayniqsa chekka hududlarda yashovchi aholi, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun juda katta qulaylik yaratdi. Bu odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashdagi eng muhim qadamlardan biridir”.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash – davlat siyosati darajasida
Jizzax viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi M.Fayfazov o‘z chiqishida Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Ma’ruzachi yurtimizda bolalar mehnatiga butunlay barham berilgani, qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish ishlarida kattalarning majburiy mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, aholining huquqiy bilimlari yetarli emasligi ayrim hollarda mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar huquqlarining kamsitilishiga yo‘l ochib berishi mumkinligini kuyinib gapirdi.
Bu borada davlat organlari, mahalla tizimi va nodavlat tashkilotlarning hamkorlikda ishlashi, odam savdosi qurbonlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini yanada kuchaytirish lozimligi tushuntirildi.
Yangi Konstitutsiya va islohotlarda mahallaning roli
Tadbir davomida yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va yangi qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, ularning inson huquqlarini himoya qilishdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida sudyalar aholi tomonidan o‘rtaga tashlangan ko‘plab huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy mazmundagi savollarga batafsil javob berdilar. Muloqotda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samarasi nafaqat davlat organlariga, balki har bir mahalla fuqarosining shaxsiy tashabbusi va daxldorlik tuyg‘usiga bog‘liq ekanligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va bahs-munozaralarga boy tarzda yakunlandi.
Forish tumani hokimligi Axborot xizmati
