Bolalarni ijtimoiy himoya qilish, vasiylik va homiylik tizimini rivojlantirish hamda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish – ustuvor vazifa.
2026-05-13 15:00:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda voyaga yetmagan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, zero har bir bola xavfsiz muhitda yashash, ta’lim olish, sog‘lom ulg‘ayish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish huquqiga ega.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.12.2025 yildagi PF-256-son,
2026 — 2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida Farmoni kuchga kirdi. Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllariga boʻlgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida qaror qilingan.
Forish tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘basi tomonidan ushbu yo‘nalishda tizimli, kompleks va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda, sho‘ba faoliyatining asosiy yo‘nalishlari – ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning muammolarini o‘rganish, ularga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va zo`ravonlikning har qanday shakllaridan jabrlangan bolalarni ijtimoiy himoya qilishdan iborat.
Alohida ta’kidlash joizki, voyaga yetmagan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash tizimi ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu jarayonda bolalarning manfaatlari ustuvor hisoblanib, ular imkon qadar oilaviy muhitda tarbiyalanishi ta’minlanadi, vasiy yoki homiy etib tayinlanayotgan shaxslarning shaxsiy fazilatlari, ijtimoiy holati, bolaga bo‘lgan munosabati chuqur o‘rganiladi hamda tegishli tartibda qaror qabul qilinadi.
Vasiylik va homiylik tizimi orqali bolalarning nafaqat kundalik hayoti, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘i, tarbiyasi va ijtimoiy moslashuvi doimiy nazoratga olinadi, shu bilan birga, vasiy va homiylarga zarur metodik, huquqiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ular bilan muntazam hamkorlik olib boriladi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham muhim yo‘nalishlardan biridir, bu borada bolalarning ta’lim muassasalariga joylashtirilishi, kasb-hunar o‘rganishi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi, shuningdek, moddiy yordamlar bilan ta’minlanishi kabi masalalar doimiy e’tiborda bo‘ladi, har bir bola bilan individual ishlash tamoyili asosida uning ehtiyojlari o‘rganilib, shunga mos ravishda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida Farmon ijrosini ta`minlash maqsadida, bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy (psixologik), jinsiy, iqtisodiy bosim yoki e’tiborsizlik (beparvolik) shaklida namoyon bo‘lishi mumkin bo`lgan zo`ravonlik turlaridan himoya qilish, bunday holatlar bola ruhiyatiga jiddiy zarar yetkazib, uning kelajakdagi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini fuqarolarga yetkazib berish maqsadida tizimli ishlar tashkil etilmoqda.Shu sababli, zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik ishlar olib borilmoqda, xususan, mahalla fuqarolar yig‘inlari, sog`liqni saqlash muassasalari,ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning salbiy oqibatlari, va bolalarga nisbatan zo`ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi haqida keng ma’lumot berilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan ishlash alohida yondashuvni talab etadi, bunday holatlarda bolalarga psixologik va yuridik yordam ko‘rsatish, ularni reabilitatsiya qilish, xavfsiz muhit bilan ta’minlash hamda zarur hollarda huquqiy choralar ko‘rish ishlari amalga oshiriladi, eng asosiysi, har bir bola o‘zini himoyalangan va qadrlangan his qilishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilishi shart hisoblanadi.
Markaz tomonidan, shuningdek, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi oilalar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan, oilalardagi muammolarni erta aniqlash, ularni bartaraf etish, ota-onalarning mas’uliyatini oshirish orqali bolalarning og‘ir ijtimoiy holatga tushib qolishining oldi olinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularga vasiylik va homiylik belgilash, orqali oilaviy muhitda tarbiyalanishini ta’minlash, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish – bu keng qamrovli va dolzarb vazifadir.
Po‘latov Jaxongir Lapas o‘g‘li
Forish tuman Inson ijtimoiy xizmatlar markazi
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘basi mudiri
