Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning imtiyozlari
2026-05-12 15:00:00 / Yangiliklar

Jamiyatda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, hamda jabrlanganlarga samarali ijtimoiy yordam ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda, 2024-yilning 10-mayida qabul qilingan PQ-175-sonli “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ushbu qaror bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga yordam berishda tizimli va hamkorlikka asoslangan yondashuv joriy etildi. Endilikda “oila – mahalla – tuman” darajasidagi organlar o‘rtasida samarali hamkorlik orqali ayollar xavfsizligini ta’minlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, himoya orderlari berish, hamda reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Qaror doirasida quyidagi amaliy chora-tadbirlar joriy etildi: Jumladan Tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch qabul bo‘limida Birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etilib, bu yerda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga shoshilinch ravishda vaqtinchalik joylashish, oziq-ovqat va birinchi ehtiyoj tovarlari bilan ta’minlanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, jabrlangan xotin-qizlarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Reabilitatsiya markazlari asosida vaqtinchalik boshpanalar (shelterlar) faoliyat yurita boshladi. Bu markazlarda ayollar uzoqroq muddatga yashashi, o‘zini tiklashi va hayotga qayta moslashuvi uchun kasbiy o‘quvlar, maslahatlar va boshqa xizmatlar ko‘rsatiladi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida tumanda 2026-yil 4 oyi davomida 118 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlardan 12 nafari Tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, 6 nafar ayollar viloyatdagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga yo‘naltirildi. 53 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida kunduzgi qatnov asosida psixolog xamda yurist xizmatidan foydalangan.
Bu ko‘rsatkichlar, albatta, muammoning dolzarbligini namoyon etibgina qolmay, jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy, ijtimoiy va psixologik muhofazasiga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Qaror ijrosi samaradorligini oshirishda mahalliy hokimliklar, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Munisa Niyatova
Forish tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi Katta yoshdagilar sho`basi mutaxassisi
