Fargʻona tumanida tibbiyot xodimlari ishtirokida tonggi badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazildi
2025-10-09 13:05:00 / Yangiliklar

Fargʻona tumani 1-son sport maktabi hududidagi “Yoshlarobod” markaziy oʻyingohida tuman Tibbiyot birlashmasi huzuridagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari ishtirokida tonggi badantarbiya mashgʻulotlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar oʻrtasida sogʻlom hayot madaniyatini shakllantirishga qaratildi.
Tonggi mashgʻulot davomida ishtirokchilar tajribali murabbiylar boshchiligida jismoniy harakatlar, choʻzilish mashqlari va nafas olish amaliyotlarini bajardilar. Tadbir jarayonida muntazam badantarbiya bilan shugʻullanish inson salomatligini mustahkamlash, ish qobiliyatini oshirish hamda kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishishda muhim omil ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga sogʻlom ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish va stressni kamaytirishning ahamiyati yuzasidan tavsiyalar berildi.
Fargʻona tumanida bunday sogʻlomlashtirish tadbirlarining muntazam oʻtkazilishi aholi, xususan, tibbiyot xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash hamda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.









