Farg‘ona tumani hokimligi Axborot xizmati munosabati
2025-09-13 08:00:00 / Rasmiy munosabatlar

“Farg‘ona haqiqati” gazetasining 2025-yil 12-sentabr kungi 37-sonida eʼlon qilingan “Avval ‘Turizm qishlog‘i’ga aylanadimi?” sarlavhali maqolada Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘ida amalga oshirilayotgan turizmni rivojlantirish ishlari haqida tanqidiy fikrlar bildirildi. Unda infratuzilma yetishmovchiligi, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘llarning asfaltlanmaganligi hamda ayrim tarixiy obidalar va ziyoratgohlarning ta’mirga muhtojligi haqida so‘z yuritilgan.
Mazkur masalaga izoh berar ekanmiz, shuni ta’kidlash joizki, Avval qishlog‘i Farg‘ona tumanining tabiiy va madaniy boyliklarga ega maskanlaridan biri hisoblanadi. Hududda turizm salohiyatini to‘liq ochish, mahalliy aholi turmush farovonligini oshirish va sayyohlar uchun jozibador muhit yaratish maqsadida 51 gektar maydonni qamrab olgan master-reja ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu reja tasdiqlanish arafasida bo‘lib, ayrim loyihalarda amaliy ishlar boshlangan.
Hududda yo‘llarni asfaltlash, elektr va ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash, internet aloqasini barqarorlashtirish bo‘yicha 2025–2026-yillar uchun manzilli dastur qabul qilingan. Dastur doirasida 3,2 kilometr ichki yo‘l asfaltlanmoqda, ichimlik suvi ta’minoti uchun yangi quvurlar tortish ishlari boshlangan, buloq manbalarini muhofaza qilish chorasi ko‘rilmoqda. Shuningdek, 24 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat boshlagan, yana 10 tasi loyihalashtirilmoqda. Ziyoratgohlar atrofi va sayyohlik yo‘nalishlarida obodonlashtirish, yoritish va axborot panellari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. “Yettibuloq” manbasi atrofida ekoturizm yo‘nalishlari, piyoda sayr yo‘laklari hamda oilaviy dam olish maydonlarini tashkil etish bo‘yicha qurilish ishlari ketmoqda.
Shuningdek, Hamza Hakimzoda Niyoziy uy muzeyi va boshqa madaniy obyektlarni qayta tiklash bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Muzeyni rekonstruksiya qilish jarayonida tarixiy buyumlarni saqlash, ekspozitsiyalarni zamonaviy talablarga moslashtirish, yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy dasturlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Gazetada bildirilgan tanqidiy fikrlar e’tibordan chetda qolmaydi. Ushbu masalalar hokimlik ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda, aniqlangan muammolar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berilgan. Ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Kelgusida Avval qishlog‘ida turizmni yanada rivojlantirish, madaniy va ekologik yo‘nalishlarni kengaytirish maqsadida ekoturizm va oilaviy turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlar hamda tarixiy obyektlarni restavratsiya qilish, yo‘lovchi va transport infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek marketing va reklama kampaniyalari orqali Avval qishlog‘ini “Farg‘ona vodiysining turizm markazi” sifatida targ‘ib etish rejalashtirilgan.
Farg‘ona tumani hokimligi aholining fikrlariga ochiq, ommaviy axborot vositalarining tanqidiy materiallarini hamkorlik ruhida qabul qiladi. Avval qishlog‘ini haqiqiy “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish yo‘lida boshlangan ishlar izchil davom ettiriladi, mavjud kamchiliklar esa bosqichma-bosqich bartaraf etiladi.



