Ijtimoiy tarmoqlardagi “Satkak” MFY hududida joylashgan ishlab chiqarish tsexidan chiqayotgan tutun aholini zaharlayotgani yuzasidan rasmiy munosabat
2025-09-24 08:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda “Satkak” MFY hududida joylashgan ishlab chiqarish tsexidan chiqayotgan tutun aholini zaharlayotgani yuzasidan eʼtirozlar bildirilgani xabar qilinmoqda.
Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, tsexning “Farxod Sher Azizbek” oilaviy korxonasiga tegishli ohak pishirish tsexi ekanligi aniqlandi.
Boshqarma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor etish orqali (tekshirish kodi: 455-342-703) qonuniy tartibda tekshirish oʻtkazildi.
Tekshirish davomida:
— “Farxod Sher Azizbek” oilaviy korxonasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi oʻrganildi;
— aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, atmosfera havosiga tashlanayotgan chiqindilarni keskin kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha korxona rahbari ogohlantirildi;
— aholining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish majburiyati yuklatildi.
Shuningdek, tekshiruv yakunlariga koʻra, korxona faoliyatining atrof-muhitga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatayotgani inobatga olinib, korxona faoliyatini toʻxtatish boʻyicha sud organlariga davo arizalari kiritildi.
Fargʻona tumani hokimligi ushbu masala toʻliq nazoratga olinganini va aholi salomatligi, ekologik xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha barcha zarur choralar koʻrilishini maʼlum qiladi.
