Farg‘ona tumani sudi qarori – mahkumga nisbatan adolatli huquqiy chora
2025-09-22 16:35:00 / Yangiliklar

2025-yil 2-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisida Farg‘ona tumani IIB tomonidan mahkum M.N. ni ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi taqdimnoma ko‘rib chiqildi.
Sud materiallariga ko‘ra, M.N. 2022-yil 22-sentabr kungi hukm bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi “l” bandiga asosan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. U jazoning yarmidan ko‘prog‘ini – 2 yil 10 oydan ziyod qismini amalda o‘tab bo‘lgan.
Probatsiya xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mahkum jazoni o‘tash davrida tartib-qoidalarga rioya qilgan, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan va jamoat ishlarida faol qatnashgan. M.N. sud majlisida ham qilgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bildirib, kelgusida jinoyat sodir etmasligini va ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga tayyorligini ma’lum qildi.
Sud ish materiallarini hamda prokurorning xulosasini o‘rganib, taqdimnomani qanoatlantirishga qaror qildi. Sud qaroriga ko‘ra, M.N. ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shu bilan birga, u jazoning qolgan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan taqdirda JKning 60-moddasiga muvofiq jazo tayinlanishi haqida ogohlantirildi.
Bu qaror Farg‘ona tumanida qonun ustuvorligini ta’minlash, mahkumlarning isloh etilishi va ularning jamiyatga qaytishiga ko‘maklashish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
