Davlat xizmatchilari uchun muloqot: mas’uliyat va etik qadriyatlar muhokama qilindi
2025-09-03 18:05:00 / Ochiq muloqotlar

Farg‘ona tumani hokimligida davlat idoralari xizmatchilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan davlat xizmatining nufuzini oshirish, davlat xizmatchilarining ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Muloqot davomida davlat xizmatchilari ogoh bo‘lishi zarur bo‘lgan salbiy illatlar, jumladan, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklar, shuningdek, odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyati va fuqarolar bilan muomala qilish mezonlari batafsil muhokama qilindi. Mazkur jihatlar davlat idoralari imijiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, davlat fuqarolik xizmatchilari etikasi bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda amaliy uslubiy tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida xodimlarga davlat xizmati sohasida ochiqlik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga sodiq bo‘lish, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda davlat xodimining obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib borish zarurligi ta’kidlandi.









