Farg‘ona tumani hokimining Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram dasturidagi nutqi
2025-01-14 11:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Qadrli askarlar, serjant va ofitserlar hamda Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun tumanimiz aholisini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyom tom ma’nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Ayni vaqtda bu bayram tadbirlari tumanimizning har bir hududida, har bir harbiy qismlarda alohida nishonlanmoqda.
Dunyoda sharafli kasblar ko‘p, ular orasida eng sharaflisi o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilishdir.
Aziz mehmonlar!
Muhtaram Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning tashabbuslari bilan mamlakatimizda mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirmoqda.
Bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, hech shubhasiz, shu yo‘lda erishgan eng katta yutug‘imizdir. Bu haqiqatni yurtimizdagi barcha ota-onalar, butun xalqimiz g‘urur bilan, minnatdorchilik bilan e’tirof etmoqda.
Hozirgi kunda onalar o‘z farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, deb, yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan kuzatmoqda.
Xususan, harbiy xizmatni o‘zining kasbi, Vatan va xalq oldidagi muqaddas burchi deb bilgan o‘g‘lonlarimizni sharaflash, ularga ehtirom ko‘rsatish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Hurmatli, tadbir ishtirokchilari!
Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ushbu taxlikali jarayonlardan jonajon O‘zbekistonimizning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz va bu har birimizning muqaddas burchimizdir.
Qadrli Vatanimiz himoyachilari!
Mana shu qutlug‘ kunda Sizlarni bugungi bayram bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.
Vatanimizga munosib va haqli ravishda faxrlana oladigan qurolli kuchlar yaratish yo‘lida olib borilayotgan ishlaringiz bardavom bo‘lsin.
Shu munosabat bilan barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, xizmatlaringizda o‘lkan muvaffaqiyatlar tilayman. Chegaralarimiz daxlsiz, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz Vatan himoyachilari!
E’tiboringiz uchun rahmat!
