Farg‘ona tumanining 9 oylik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari muhokama qilindi
2026-10-28 22:00:00 / Matbuot anjumanlari

Farg‘ona tumani hokimligida tuman hokimi Nodirjon Mashrapov boshchiligida “2026-yil 9 oyi: ijtimoiy-iqtisodiy natijalar, tuman rivojining asosiy natijalari, mavjud masalalar va yil yakuniga qadar vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalla raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida tumanda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan iqtisodiy natijalar, mavjud masalalar va yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida tumanning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘sish sur’atlariga erishildi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 275,6 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 108,2 foizga yetdi. Xizmatlar ko‘rsatish hajmi 1 369,3 milliard so‘mni tashkil etib, 117,3 foiz o‘sish qayd etildi.
Qurilish-pudrat ishlari hajmi 1 082,5 milliard so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 134,1 foizni tashkil etdi. Tumanda iqtisodiy faollikni oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi esa 2 658 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 166,8 foizga yetdi.
Shuningdek, chakana savdo aylanmasi 834,9 milliard so‘mni, eksport hajmi esa 22,4 million AQSH dollarini tashkil etdi. Eksport ko‘rsatkichi bo‘yicha 137,2 foizlik o‘sish sur’ati qayd etildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar tumanda sanoat, xizmatlar, qurilish, investitsiya va tashqi savdo yo‘nalishlarida iqtisodiy faollikni yanada oshirish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ko‘rsatadi.
Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga tegishli mas’ullar tomonidan javoblar berilib, sohalar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida yil oxirigacha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mavjud muammolarni bartaraf etish, iqtisodiy ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tuman hokimi tomonidan mas’ul rahbarlarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Matbuot anjumani ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish, mavjud masalalarni muhokama etish hamda yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi.






