Farg‘ona tumani paxtakorlari shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi
2026-10-24 10:10:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumani paxtakorlari joriy yilgi paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarib, mavsumni yuqori natijalar bilan yakunlamoqda.
Joriy yilda tumandagi 60 ta fermer xo‘jaligi va 1 ta paxta klasteri tomonidan 5 ming 300 gektar maydonda paxta yetishtirildi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish va paxtakorlarning fidokorona mehnati natijasida jami 25 ming 919 tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi.
Terim jarayonlariga 14 ta zamonaviy paxta terish mashinasi jalb etilib, ishlarning uyushqoqlik bilan tashkil etilishi hosilni samarali yig‘ib olishga xizmat qildi.
Yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklari qatorida “Alijon Dilshod baraka”, “Yo‘lchimurod”, “Burxoniddin Baxodirjon”, “Agro hosilot davomchilari”, “Rustam Abdurahmon zamini”, “Mirzo yangi niholi”, “Dostonbek Abdubannop”, “Sherzodbek Shohijahon”, “Odil Muhammad Nizomov”, “Chimyon bo‘stoni”, “Buloqboshi yangiyeri” xo‘jaliklari va DNSUni alohida qayd etish mumkin.
Erishilgan natijalar qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, fermerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda soha vakillarining hamjihatlikdagi mehnati samarasidir.
Shartnomaviy reja bajarilgan bo‘lsa-da, dalalarda hali yig‘ib olinishi lozim bo‘lgan hosil mavjud. Ayni paytda asosiy e’tibor paxtani yog‘ingarchiliklar boshlanishidan oldin, o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olishga qaratilgan.


