RASMIY MUNOSABAT
2026-10-17 15:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumani “Avval” qishlog‘idagi bozor yaqinida ayrim tadbirkorlar tomonidan avtomobil yo‘li yoqasida transport vositalari harakatiga xalaqit bergan holda savdo-sotiq qilinayotgani tanqid qilingan videomurojaat yuzasidan Farg‘ona tumani hokimligi Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur murojaat tuman hokimligi tomonidan nazoratga olinib, holatni atroflicha o‘rganish va muammoni bartaraf etish choralarini belgilash maqsadida ishchi guruh tuzildi.
Ayni vaqtda ishchi guruh tomonidan avtomobil yo‘li yoqasida amalga oshirilayotgan savdo faoliyatining transport vositalari va piyodalar harakatiga ta’siri, shuningdek, savdo faoliyatining belgilangan talab va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda savdo faoliyatini tartibga solish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda tegishli choralarni belgilash va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PQ-5-sonli qarori ijrosi doirasida ishlab chiqiladigan master-rejaga yangi bozor tashkil etish taklifini kiritish orqali mavjud muammoni tizimli hal etish, bozorni yangi va keng hududga ko‘chirish hamda aholi va transport vositalarining erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish rejalashtirilgan.
O‘rganish natijalari asosida muammoni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.
