Vodilda sayyor qabul va profilaktik tadbirlar tashkil etildi
2026-10-17 17:00:00 / Yangiliklar

Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik D.P. Xo‘jaqulov tomonidan Farg‘ona tumani “Vodil” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan sayyor qabul tashkil etildi.
Unda mahalla aholisi, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masala va muammolarni ochiq bayon etdilar. Fuqarolarning har bir murojaati diqqat bilan tinglanib, ularni qonuniy hal etish yuzasidan mas’ul xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Sayyor qabul davomida mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, mavjud muammolarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, oilaviy nizolarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va voyaga yetmaganlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan profilaktik tadbirlarni tashkil etish, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jamoat joylarida tartib-intizomni saqlash, xonadonlar xavfsizligi va mol-mulkni asrash yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish muhimligi ta’kidlandi.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirishda profilaktika inspektori, mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlovchi mas’ullar, ta’lim muassasalari hamda boshqa tegishli tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.









