Konchilar mahallasida dolzarb masalalar o‘rganildi
2026-10-05 22:30:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi deputati F. Abdusalomov hamda Kengash kotibiyat mudiri Sh. Raximov tomonidan Konchilar mahallasida aholi hayotiga daxldor hamda mahalla rivoji uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi PF–193-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi, xususan, mahalla yettiligi a’zolariga yuklatilgan topshiriqlarning bajarilish holati ko‘rib chiqildi.
O‘rganish davomida mahallada kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, aholining doimiy daromad manbalarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish hamda mavjud masalalarni hal etishda zarur hollarda tuman va viloyat darajasidagi mas’ul rahbarlarni jarayonga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Yil yakuniga qadar mahallada kambag‘allik darajasini yanada kamaytirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning barqaror daromad manbalarini shakllantirish bo‘yicha mahalla yettiligi hamda deputat hamkorligini kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Shu bilan birga, o‘rganish davomida tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalardan biri — Farg‘ona tumanidagi geografik obyektlarga nom berish yoki ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan ham o‘rganish olib borildi.
Xususan, Konchilar mahallasi hududidagi mavjud nomsiz ko‘chalarga “Kattabog‘” hamda “Ufq” nomlarini berish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. O‘rganish jarayonida mazkur takliflarning amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligi, hududning mavjud nomlari va boshqa tegishli jihatlar o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli xulosa va takliflar shakllantirilib, navbatdagi tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilish uchun taqdim etilishi belgilandi.



