Paxta qabul qilish maskanlarida tungi tekshiruv o‘tkazildi
2026-10-05 20:35:00 / Yangiliklar

Paxta yig‘im-terimi mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy yong‘inlarning oldini olish hamda mavjud xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida paxta qabul qilish maskanlarida tungi tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv Farg‘ona viloyati FVB mas’uli hamda Farg‘ona tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari tomonidan tashkil etildi. Unda paxta qabul qilish maskanlarining yong‘in xavfsizligi holati, mavjud talablarning bajarilishi hamda yong‘in kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Xususan, paxta yig‘im-terimiga jalb etilgan texnikalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi, ularda uchqun so‘ndirgichlar mavjudligi, shuningdek, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimining holati o‘rganildi.
Tekshiruv davomida aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berilib, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etishning muhim jihatlari tushuntirildi.
Shuningdek, maskan ishchi-xodimlariga yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, yong‘in xavfi yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish hamda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma berildi.









