Faxriy ustozlar e’zozlandi
2026-09-30 23:05:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim tizimida uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriy ustozlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov, tuman IIB boshlig‘i Murodjon Qunduzov, hokim o‘rinbosarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbariyati va mas’ullari, maktab direktorlari hamda faxriy ustozlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida fidoyi ustozlarning ta’lim-tarbiya sohasidagi ko‘p yillik mehnati, yosh avlodni kamol toptirish yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Faxriy ustozlarga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, ularning boy pedagogik tajribasi bugungi avlod uchun muhim maktab ekani ta’kidlandi.
Tadbirda faxriy ustozlarga bayram tilaklari bildirilib, ularning mehnati va hayotiy tajribasi yuksak qadrlanishi qayd etildi.
Aziz va mo‘tabar ustozlar!
Sizlarni 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz! Sizlarga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga fayz-u baraka va doimo el-yurt ardog‘ida bo‘lishingizni tilaymiz!









