Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapovning 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan TABRIGI
2026-10-01 08:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli ustoz va murabbiylar!
Qadrli ta’lim fidoyilari!
Bugun siz azizlar bilan 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami arafasida uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Fursatdan foydalanib, sizlarni va tumanimizda mehnat qilayotgan barcha fidoyi pedagoglarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etaman.
Aziz ustozlar!
Yurtimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilgari surilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan va zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq.
Bugungi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar va pedagoglar mehnatini munosib qadrlashga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda.
Buning yorqin ifodasi sifatida tumanimiz ta’lim tizimida qo‘lga kiritilayotgan salmoqli natijalarni alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Farg‘ona tumani ta’lim tizimi samaradorligini baholash bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlarida 80 ballni qo‘lga kiritib, viloyat miqyosida 1-o‘rinni egallagani barchamiz uchun yuksak faxr va katta quvonch bag‘ishlaydi.
Bu natija zamirida, avvalo, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib, har bir darsini mas’uliyat va izlanish asosida tashkil etayotgan, farzandlarimiz kelajagi uchun sidqidildan mehnat qilayotgan pedagoglarning ulkan hissasi bor.
Ayniqsa, O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida Farg‘ona viloyati ustozlarining yuksak kasbiy mahorati, bilim va tajribasi yana bir bor munosib e’tirof etilgani barchamizni quvontirdi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli tanlovda tumanimizdagi 58-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nilufar Xolmatova munosib ishtirok etib, 50 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu nafaqat Nilufar Xolmatovaning shaxsiy yutug‘i, balki tumanimiz ta’lim tizimi, ustozlarimiz va shogirdlarimiz uchun ham katta g‘urur va e’tirofdir.
Bunday natijalar bizga bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatmoqda: ta’limda erishilayotgan har bir yutuq ortida fidoyi ustozning mashaqqatli mehnati, izlanishi va yuksak mas’uliyati mujassam.
Hurmatli ustozlar!
Sizlarning zimmangizdagi vazifa oddiy kasbiy burch emas. Sizlar yosh avlodga nafaqat fan sirlarini o‘rgatasiz, balki ularning dunyoqarashi, ma’naviyati, Vatanga muhabbati, milliy qadriyatlarga hurmati va hayotda o‘z o‘rnini topishiga yo‘l ko‘rsatasiz.
Fursatdan foydalanib, tumanimizda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni bilimli va barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha pedagoglarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Mashaqqatli, ammo sharafli faoliyatingizda doimo kuch-g‘ayrat, ilhom va omad hamroh bo‘lsin. Shogirdlaringizning yutuqlari, ularning kamoli va mehnati samarasini ko‘rish baxti sizlarga hamisha nasib etsin.
Kasb bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz ustozlar!
Doimo e’zoz va ehtiromda bo‘ling!


