Farg‘ona tumanida eko-plogging aksiyasi o‘tkazildi
2026-09-24 20:00:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumanida “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan eko-plogging aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya avvalida Farg‘ona tumani hokimligida tadbirning ochilish qismi o‘tkazildi. Unda Farg‘ona tumani hokimi o‘rinbosari Ilhomjon Toshpo‘latov, hokimning chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi Abduxoshim Xalimov, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi, Yoshlar ishlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Madaniyat bo‘limlari rahbar va mas’ullari, “Kelajak markazi” maktab maslahatchilari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Ochilish qismida yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni asrash va hududlarni ozoda saqlashning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar ikki guruhga bo‘linib, belgilangan hududlarda chiqindilarni yig‘ish va hududlarni obodonlashtirishga qaratilgan eko-plogging aksiyasini boshladilar.




