“Damko‘l” mahallasida yangi poliklinika foydalanishga topshirildi
2026-09-09 19:00:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumanining “Damko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida homiylar ko‘magida 1,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan zamonaviy poliklinika binosi foydalanishga topshirildi.
Tibbiyot maskanining tantanali ochilish tadbirida Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov, hokim o‘rinbosarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yangi poliklinikaning imkoniyatlari bilan tanishilib, ramziy lenta qirqildi. Shuningdek, tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarga uyida xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan maxsus “Damas” avtomashinasi ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Yangi tibbiyot maskani 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 12 ming nafardan ortiq aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatlarini bevosita mahallaning o‘zida ko‘rsatish imkonini beradi. Avvallari fuqarolar malakali tibbiy xizmat va murakkab tekshiruvlardan o‘tish uchun uzoq hududiy poliklinikalarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Muassasa LOR kombayn, avtomat bioximiya analizatori, zamonaviy mikroskoplar, ginekologik kreslo va shifokor to‘plamlari hamda EKG apparatlari kabi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.
Shuningdek, tor soha mutaxassislarining sayyor qabullarini tashkil etish, profilaktik ko‘riklarni o‘tkazish va doimiy parvarishga muhtoj fuqarolarga uyida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Poliklinika faoliyatini raqamlashtirish maqsadida muassasa kompyuter jamlanmalari, planshetlar, infokioska va monitorlar bilan ham jihozlandi.
Tadbir yakunida yig‘ilganlar uchun dasturxon atrofida bayram dasturi tashkil etilib, yangi tibbiyot maskanining mahalla aholisi uchun xizmat qilishi ezgu tilaklar bilan ta’kidlandi.









