Maktabgacha ta’lim tashkilotidagi sharoitlar o‘rganildi
2026-09-04 10:35:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi kotibiyat mudiri, 13-“Damko‘l” saylov okrugi deputati Shuxratjon Rahimov hamda “Adolat” SDP tuman Kengashi raisi Nodirbek Karimov tomonidan “Tinchlik” mahallasida joylashgan 35-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidagi sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganish davomida muassasadagi sanitariya-gigiyena holati, mavjud shart-sharoitlar va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.
Aniqlanishicha, tashkilotda 8 ta guruh faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, asosiy binodagi hojatxonaning yaroqsiz holatda ekani sababli bolalar, ayniqsa kuz-qish mavsumida, tashqaridagi hojatxonadan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, isitish tizimi holati qoniqarli ekani qayd etildi. Biroq bolalarning ochiq havoda mazmunli hordiq chiqarishi va jismoniy faolligini ta’minlash uchun yozgi o‘yingoh mavjud emasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash hamda tarbiyalanuvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.



