“Yordon” tog‘ qutqaruv guruhi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi
2026-08-29 11:05:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumanida Favqulodda vaziyatlar bo‘limining zamonaviy, barcha zarur shart-sharoitlarga ega yangi “Yordon” tog‘ qutqaruv guruhi binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘.M. Alaviddinov, tuman hokimi Nodirjon Mashrapov, tuman mas’ul rahbarlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlar uchun yaratilayotgan zamonaviy xizmat sharoitlari, shuningdek, qutqaruv xizmatining samaradorligi va tezkorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tog‘ sharoitida qutqaruvchilarning xizmat vazifalarini samarali va tezkor bajarishini ta’minlash maqsadida yangi maxsus qutqaruv avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi qutqaruvchilar uchun munosib va zamonaviy xizmat sharoitlarini yaratish bilan birga, hududda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish hamda aholiga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Ayniqsa, yangi maxsus qutqaruv avtomobillarining safga kiritilishi tog‘li hududlarda qutqaruv ishlarini yanada tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Mazkur ezgu tashabbus mahalla faollari va hudud aholisi tomonidan ham katta quvonch bilan kutib olindi. Zamonaviy qutqaruv binosi hamda yangi maxsus qutqaruv avtomobillarining foydalanishga topshirilishi aholi xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv xizmatining imkoniyatlarini kengaytirish va fuqarolarga tezkor yordam ko‘rsatish borasida muhim qadam bo‘ldi.









