Yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi
2026-09-02 14:35:00 / Yangiliklar

Yangi o‘quv yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab o‘quvchilari hamda ustoz-murabbiylarga yo‘llagan tabrigi bilan yanada ko‘tarinki ruhda boshlandi.
Bugun Farg‘ona tumanidagi barcha ta’lim muassasalarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” — Bilimlar kuni tadbirlari o‘quvchi-yoshlar, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalar ishtirokida ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi.
Farg‘ona tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov, jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng Prezidentning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Yangi hayot ostonasiga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollari jamlanmasi hamda davlat ramzi tushirilgan brelokdan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng yangi o‘quv yilining ramziy boshlanishini ifoda etuvchi ilk qo‘ng‘iroq jaranglab, maktablarda dars mashg‘ulotlari boshlandi.
Yangi o‘quv yili barchaga yangi bilim, ulkan marralar va yorqin muvaffaqiyatlar olib kelsin!









