Farg‘ona tumanida profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi
2026-08-10 12:15:00 / Yangiliklar

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida Farg‘ona tumanida Qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda qo‘riqlash xizmatlarining afzalliklarini keng targ‘ib etishga qaratilgan profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolarga xonadonlar va tadbirkorlik subyektlarini markazlashgan qo‘riqlash xizmatiga ulashning afzalliklari, mol-mulk xavfsizligini ishonchli ta’minlash imkoniyatlari hamda ushbu xizmatlardan foydalanish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, qo‘riqlovga olingan obyektlar ustidan kecha-kunduz uzluksiz nazorat olib borilishi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda esa tezkor harakatlanuvchi guruhlar tomonidan zudlik bilan choralar ko‘rilishi tushuntirildi.
Tadbir yakunida fuqarolarga hushyorlikka rioya etish, mol-mulk daxlsizligini ta’minlash borasida tushuntirishlar berildi.



