Deputat saylovchilar oldida hisobot berdi
2026-08-07 19:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi deputati Dadajonova Ozodaxon Adilovna saylovchilar bilan uchrashib, 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan deputatlik faoliyati yuzasidan hisobot berdi.
Uchrashuv davomida deputatning tuman Kengashi sessiyalari va doimiy komissiyalari faoliyatidagi ishtiroki, saylovchilar murojaatlari bilan ishlash hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish borasidagi ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, hisobot davrida tuman Kengashining 23 nafar deputati tomonidan yuborilgan 71 ta deputatlik so‘rovining 31 tasi deputat Dadajonova Ozodaxon Adilovna tomonidan kiritilgani alohida ta’kidlandi.
Mazkur deputatlik so‘rovlari orqali ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, bandlik hamda ijtimoiy himoya sohalaridagi muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Shuningdek, deputat tashabbusi bilan "Hosilot" mahallasidagi Chimyon ko‘chasi hamda "Dilkusho" mahallasidagi Islomobod ko‘chasi 2026-yilgi joriy ta’mirlash dasturiga kiritilgani va ishlar deputatlik nazoratida ekani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida saylovchilarning taklif va murojaatlari tinglanib, ularni amaldagi qonunchilik asosida hal etish hamda zarur hollarda tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborish ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.



