Deputat saylovchilar oldida hisobot berdi
2026-08-05 15:05:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashining 25-"Qo‘rg‘ontepa" saylov okrugi deputati Ilhomjon Abduraxmonov 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan faoliyati yuzasidan saylovchilar oldida hisobot berdi.
Hisobot davomida "Qo‘rg‘ontepa", "Xonqiz" va "O‘zbekiston" mahallalarida aholi farovonligini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Shuningdek, 2026-yil investitsiya dasturiga issiqxona, trikotaj ishlab chiqarish, bog‘dorchilik, stomatologiya, avtoservis va umumiy ovqatlanish yo‘nalishlaridagi loyihalar kiritilgani qayd etildi.
Hisobotda ichki yo‘llarni ta’mirlash, "Tashabbusli byudjet" loyihalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda Prezidentimizning PQ–49-son qarori asosida "Qo‘rg‘ontepa" mahallasida elektr, ichimlik suvi va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, saylovchilar bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazilib, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, ichki yo‘llar, obodonlashtirish va bandlik masalalariga oid murojaatlar tinglandi.
Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilishi hamda ularning ijrosi deputat nazoratiga olinishi belgilandi.



