Shohimardon va So‘xga o‘tishdagi chegara o‘tkazish punktlari xalqaro maqomga ega bo‘ldi
2026-07-30 21:35:00 / Yangiliklar

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi o‘tkazish punktlari soni 30 taga yetkaziladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘ldagi «Rux-Ordo» madaniyat markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Prezidenti ta’kidlashicha, o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 tagacha ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Mazkur qaror fuqarolarga erkin sayohat qilish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish, ta’lim olish va dam olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
2026-yil 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Shuningdek, davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi bayonnoma ham imzolandi. Mazkur hujjatga muvofiq, jumladan, Shohimardon va So‘x yo‘nalishidagi chegara o‘tkazish punktlariga xalqaro maqom berildi.
