“Tinchlik” mahallasida o‘rganishlar o‘tkazilib, nuroniy holidan xabar olindi
2026-07-30 18:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Vatanimiz Mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan mahallalarda bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda hududlarni yanada obod qilish maqsadida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilingan.
Mazkur oylik hamda “Dolzarb 40 kunlik” doirasida Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov mahalla “yettiligi” bilan birgalikda “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inining Tinchlik va Davr ko‘chalarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish hamda mahalladagi mavjud masalalarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tashrif davomida Davr ko‘chasida istiqomat qiluvchi 103 yoshli nuroniy Tojibasar ona Qosimova xonadoniga tashrif buyurilib, onaxonning salomatligi va yashash sharoiti bilan yaqindan qiziqildi.






