RASMIY MUNOSABAT
2026-07-25 10:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumani “Shohimardon–Yordon” hududidagi buloq suvi manbasida suv havzasi (basseyn) qurilishi yuzasidan tarqalgan videomurojaat hamda unda bildirilgan holatlar vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida hududda suv havzasi (basseyn) barpo etilgani hamda unga suv tabiiy soy oqimidan kelib tushib, chiqish qismidan quvur orqali yana o‘z yo‘nalishida oqib ketayotgani aniqlandi. Hozirgi kunga qadar mazkur suv havzasida fuqarolarning cho‘milishi holatlari qayd etilmagan.
Shuningdek, videomurojaatda qurilish ishlari natijasida ichimlik suvi ifloslanishi, sanitariya-epidemiologik xavf yuzaga kelishi, daraxtlar kesilishi hamda ekologik me’yorlar buzilgani yuzasidan xavotirlar bildirilgan. Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Ichimlik suvi sifati, sanitariya talablariga rioya etilishi hamda ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar qonunchilik talablaridan kelib chiqib tegishli tartibda baholanadi.
O‘rganish jarayonida qurilish ishlarini amalga oshirayotgan shaxsdan obyektga oid loyiha hujjatlari, yer ajratilishi, qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar hamda ekologik va sanitariya xulosalari so‘ralgan. Dastlabki o‘rganish vaqtiga qadar mazkur hujjatlar taqdim etilmagani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida suv o‘zanini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish hamda muhofaza etiladigan hududda belgilangan tartibga zid ravishda faoliyat olib borish holatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 82-moddasi 2-qismiga asosan huquqbuzarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda obyektning ayrim mansabdor shaxslarga tegishli ekani haqidagi ma’lumotlar ham tarqalgan. Mazkur ma’lumotlar hozirgi kunga qadar o‘zining rasmiy tasdig‘ini topmaganligi sababli ularga huquqiy baho berish uchun asos mavjud emas.
Ta’kidlash joizki, vakolatli organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha aniqlangan barcha holatlarga qonunchilik talablariga muvofiq huquqiy baho beriladi hamda qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘riladi.
Fuqarolarning ekologik xavfsizlik, ichimlik suvi manbalarini muhofaza qilish hamda atrof-muhitni asrash yuzasidan bildirayotgan murojaatlari vakolatli organlar tomonidan doimiy e’tiborda bo‘lib, har bir murojaat qonunchilik asosida xolis va har tomonlama ko‘rib chiqiladi.


