“Avval” mahallasida “Turizm qishlog‘i”ni barpo etish ishlari jadallashmoqda
2026-07-21 18:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona tumanida turizm-rekreatsion hududini tashkil etish to‘g‘risidagi PQ–5-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanning “Avval” mahallasida “Turizm qishlog‘i”ni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish va muhokama jarayonlarida Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Axmedov, Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov, viloyat arxitektura va qurilish sohasi mutaxassislari, ishchi guruh a’zolari, Turizm direksiyasi vakillari, mahalliy tadbirkorlar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
O‘rganish davomida hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, turistik infratuzilmani rivojlantirish, mehmonlar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, milliy an’ana va qadriyatlarni aks ettiruvchi maskanlarni barpo etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, hududning me’moriy qiyofasini yanada takomillashtirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur loyiha hududning turizm salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. “Turizm qishlog‘i”ni barpo etish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari belgilangan reja asosida izchil davom ettirilmoqda.



