"Gulpiyon" mahallasida yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi o‘rganildi
2026-07-16 08:00:00 / Ochiq muloqotlar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashining 10-Guliston saylov okrugi deputati Mustafo Yo‘ldashev hamda tuman Kengashi kotibiyati mudiri Shuhratjon Rahimov tomonidan "Gulpiyon" mahallasida O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘RQ–406-son Qonuni ijrosi yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Nazorat tadbiri davomida mahallada yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi. Xususan, yoshlar bilan ishlash tizimining samaradorligi, ularning muammolarini aniqlash va hal etish, ta’limga qamrovini kengaytirish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda bandligini ta’minlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, “Besh tashabbus” doirasida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati, yoshlarning sport, madaniyat, san’at, kitobxonlik va axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammo va kamchiliklar ham muhokama qilindi.
Tadbir davomida mahalla faollari hamda mas’ul mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazilib, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqiy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘rganish yakunida aniqlangan holatlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berilib, yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish hamda davlat dasturlari va loyihalari ijrosini sifatli tashkil etish yuzasidan zarur vazifalar belgilab olindi.


