Farg‘ona tumani ixtisoslashtirilgan maktabi bitiruvchisi nufuzli xalqaro universitet talabasi bo‘ldi
2026-07-15 22:00:00 / Yangiliklar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Farg‘ona tumani ixtisoslashtirilgan maktabining bitiruvchisi Muslimbek Obidov xalqaro oliy ta’lim muassasalari reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan Korea University universitetiga muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi.
Dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olgan mazkur universitetga o‘qishga qabul qilinishi Muslimbekning yillar davomida olib borgan izchil mehnati, bilimga bo‘lgan intilishi va salohiyatining yuksak e’tirofi hisoblanadi.
Yoshlarning xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Farg‘ona tumani hokimligi, Xalq deputatlari tuman Kengashi va jamoatchilik nomidan Muslimbek Obidovni ushbu ulkan yutug‘i bilan samimiy muborakbod etib, kelgusidagi ta’lim va ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar hamda yangi zafarlar tilaymiz.

