Yashil energetika – farovon hayot va barqaror taraqqiyot poydevori
2026-07-15 09:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish hamda "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini hayotga izchil tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Bugungi kunda aholi tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib, ekologik toza energiyadan foydalanish hayot tarzining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Farg‘ona tumanining "Satkak" mahalla fuqarolar yig‘ini, Yangi Marg‘ilon ko‘chasi, 67-uyda istiqomat qiluvchi Solijon Tug‘unov ham ana shunday tashabbuskor fuqarolardan biri bo‘lib, o‘z xonadonida 49 kVt quvvatga ega zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirdi.
Mazkur loyiha orqali xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji muqobil energiya manbasi hisobidan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini umumiy elektr tarmog‘iga uzatish imkoniyati yaratilgani energiya resurslaridan oqilona foydalanish, elektr xarajatlarini kamaytirish hamda qo‘shimcha daromad olishga xizmat qilmoqda.
Quyosh fotoelektr stansiyasini elektr tarmog‘iga ulash jarayonida mutaxassislar tomonidan zarur texnik ko‘mak ko‘rsatildi. Tizimni amaldagi texnik talablar asosida ulash, xavfsiz ekspluatatsiya qilish va barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.


