Farg‘ona tumani o‘quvchisi xalqaro turnir g‘olibiga aylandi
2026-07-05 14:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahridagi "Universal" sport saroyida taekvondo WT bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Svetlana Osipova sovrinlari uchun o‘tkazilgan "Grand Master Cup" xalqaro turniri o‘z yakuniga yetdi.
Kichik o‘smirlar, kadetlar va yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan nufuzli musobaqada Farg‘ona viloyati terma jamoasi safida Farg‘ona tumani sharafini munosib himoya qilgan tumandagi 20-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Tohirjonova Samira Sherzodjon qizi ham ishtirok etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra yosh sportchimiz o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va xalqaro turnir chempioni bo‘ldi.
Ushbu yuksak natija yosh avlodni sportga keng jalb etish, ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Farg‘ona tumani hokimligi, Xalq deputatlari Farg‘ona tumani Kengashi hamda keng jamoatchilik nomidan Tohirjonova Samira Sherzodjon qizini ushbu yuksak g‘alaba bilan samimiy muborakbod etamiz.
Yosh sportchimizga kelgusidagi nufuzli musobaqalarda ham ulkan zafarlar, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonlarda yanada yuksaklarga ko‘tarishdek sharafli yo‘lda yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.

