Huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan davra suhbati o‘tkazildi
2026-06-28 17:35:00 / Ochiq muloqotlar

Farg‘ona tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xamidaxon Abdug‘aniyeva, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Sarvarbek Mahkamov hamda tuman bosh otinoyisi D. Turdaliyeva ishtirokida “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Vazirlar Mahkamasining 145-son va 239-son qarorlari asosida huquqiy yordamga muhtoj 5 toifaga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida xabardorligini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga amaldagi qonunchilikda belgilangan huquq va imtiyozlar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, xotin-qizlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha huquqiy maslahat hamda amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi alohida ta’kidlandi.




