Ta’lim muassasasida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida o‘rganish o‘tkazildi
2026-06-26 15:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi kotibiyati mudiri Sh. Rahimov, hudud deputati F. Abdusalomov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi A. Eminjonov tomonidan Konchilar mahallasi hududidagi 17-sonli maktabda nazorat-o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur o‘rganish tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritiladigan, ta’lim muassasalarida yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida amalga oshirildi.
O‘rganish davomida maktabda nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, maxsus xonalar, panduslar va harakatlanish yo‘laklarining holati ko‘zdan kechirilib, ularni ta’mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur ta’mirlash ishlarini “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish imkoniyatlari atroflicha o‘rganilib, amaliy chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.
O‘rganish yakunlari asosida tayyorlangan ma’lumotlar Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida muhokama qilinadi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.



