Deputatlik nazorati doirasida Kengash qarorlari ijrosi o‘rganildi
2026-06-26 12:25:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi qarorlari ijrosi yuzasidan tuman Kengashi deputati D. Toshboltaeva, kotibiyat mudiri Sh. Rahimov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi O. Dadajonova tomonidan “Barqaror hamjihatlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganish davomida mahallaning Usmonobod ko‘chasida amalga oshirilayotgan ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirilib, qurilish ishlari sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi hamda aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar yuzasidan tahlillar olib borildi.
Shuningdek, mahalla hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chorvachilik loyihasi o‘rganilib, uning iqtisodiy samaradorligi va amaliy istiqboli yetarli emasligi sababli loyiha istiqbolsiz deb topilgani qayd etildi.
Nazorat tadbiri davomida hududda avtomashinalar uchun ehtiyot qismlar savdosiga ixtisoslashgan yangi savdo do‘koni faoliyat boshlagani ham o‘rganildi. Mazkur tashabbus aholi ehtiyojlarini qondirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda hududda tadbirkorlik faolligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalarning haqiqiy holati, samaradorligi hamda aholi manfaatlariga muvofiqligi deputatlik nazorati asosida baholanib, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tavsiya va vazifalar belgilandi.



