Xitoylik investorlar bilan istiqbolli sanoat loyihasi muhokama qilindi
2026-06-24 19:30:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumani hokimi Nodirjon Mashrapov tumanga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat salohiyatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida Jiangxi Shiyun New Materials Co., Ltd. delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida kompaniya vakillari ISO 9001:2015 xalqaro standarti asosida zamonaviy mebelsozlik va qurilish sohalarida keng qo‘llaniladigan ekologik toza sun’iy kvarts toshlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihasini taqdim etdilar.
Uchrashuvda tuman hokimi Nodirjon Mashrapov xorijiy investorlarni qutlar ekan, ushbu istiqbolli loyihani amalga oshirishda tuman hokimligi tomonidan zarur infratuzilma yaratish, yer maydonlari ajratish va boshqa tashkiliy masalalarda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning dastlabki bosqichlarini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish va o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.







