Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumani “Satkak” MFY hududidagi dam olish maskanida joylashgan attraksionlar xavfsizligi yuzasidan eʼlon qilingan tanqidiy materialga RASMIY MUNOSABAT
2026-06-09 09:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Joriy yilning 5-iyun kuni "Effect.uz" axborot agentligi elektron nashrida eʼlon qilingan “Inson hayoti har qanday iqtisodiy manfaatdan ustun. Attraksion xavfsizligi taʼminlanganmi?” nomli tanqidiy maqolada koʻtarilgan masalalar Farg‘ona tumani hokimligi nazorati ostida, vakolatli davlat nazorat organlari jalb etilgan holda atroflicha va qatʼiy oʻrganib chiqildi.
Ommaviy axborot vositalarining qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi soʻrovi hamda jamoatchilik xavotiridan kelib chiqib, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Farg‘ona hududiy boshqarmasi, Farg‘ona tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda tuman Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi mutaxassislaridan iborat idoralararo ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan mazkur dam olish maskanida texnik xavfsizlik va shaharsozlik qonunchiligi talablariga rioya etilishi holati yuzasidan joyiga chiqqan holda kompleks tekshiruv tadbirlari amalga oshirildi.
Oʻrganish yakunlariga koʻra, obyektdagi jami 22 ta har xil turdagi attraksionlarni ekspluatatsiya qilishda fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmagan shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiruvchi, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablarini qoʻpol ravishda buzuvchi quyidagi tizimli huquqbuzarliklar aniqlandi:
1. Shaharsozlik qonunchiligi va arxitektura normalarining buzilishi holatlari boʻyicha:
- Tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi xulosasiga koʻra, Satkak ko‘chasidagi noturar yer maydonida fuqaro Yusrunov Umidjon Shukurjon o’g’li tomonidan amaldagi shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda ish tutilgan.
- Mazkur fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarini chetlab oʻtgan holda, belgilangan tartibda tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, o’zboshimchalik bilan beton poydevorlar qurgan va metall konstruksiyali attraksion o’rnatgan.
2. Sanoat va texnik xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi boʻyicha:
- Maskanda faoliyat koʻrsatayotgan attraksionlarning birortasiga ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-oktabrdagi 566-sonli qarori talablariga muvofiq, ulardan xavfsiz foydalanish boʻyicha majburiy ruxsatnomalar olinmagan.
- Texnik reglamentlar talabiga zid ravishda, bir qator attraksionlar (jumladan, "Rus qayigʻi", "Slayd", "Zanjir", "Poyezd") majburiy texnik statik va dinamik sinovlardan oʻtkazilmagan. Maxsus akkreditatsiyalangan korxonalar tomonidan ularning metall konstruksiyalari va poʻlat qismlari mustahkamligi boʻyicha laboratoriya xulosalari taqdim etilmagan.
- Obodlashtirish obyektida texnik xizmat koʻrsatuvchi operator va masʼul xodimlarning malaka darajasi talabga javob bermaydi, ularning maxsus oʻquv kurslarini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar muddati oʻtib ketgan yoki umuman mavjud emas. Kunlik texnik koʻrik jurnallari yuritilmagan.
3. Yongʻin va elektr xavfsizligi qoidalarining buzilishi boʻyicha:
- Obyekt hududida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda insonlarni evakuatsiya qilish va moddiy boyliklarni qutqaruv reja-chizmasi, shuningdek, kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan. Maxsus oʻt oʻchirish va qutqaruv texnikalarining erkin harakatlanishi uchun yoʻllar va yongʻin oʻchirish qalqonlari tashkil etilmagan.
- Elektr taqsimlash shitlari va yuqori kuchlanishli kabellar ekspluatatsiya talablariga mutlaqo javob bermaydi; tizim laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmagan, qoʻlbola (vaqtinchalik) montaj qilingan hamda taqsimlash qutilarining eshiklari ochiq va ogohlantiruvchi belgilarsiz qoldirilgan. Obyektda birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish toʻplamlari (aptechkalar) mavjud emas.
Koʻrilgan qatʼiy va huquqiy-maʼmuriy choralar:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, inson hayoti, sogʻligʻi va xavfsizligi har qanday iqtisodiy manfaat, investitsiya loyihasi yoki tadbirkorlik subyektining daromadidan ustun turuvchi oliy qadriyat hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, ishchi guruh tomonidan quyidagi sanksiyaviy choralar qoʻllandi:
- Maʼmuriy javobgarlik: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli qarori talablariga muvofiq, aniqlangan shaharsozlik qonunbuzilishlari yuzasidan fuqaro U.Yusrunovga nisbatan O’zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi 8-bandi (Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) alomatlari bilan ma’muriy chora koʻrish maqsadida barcha rasmiy hujjatlar toʻplami O’zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Davlat arxitektura departamentiga taqdim etildi.
- Faoliyatni taqiqlash: “Satkak” yozgi dam olish maskanidagi jami 22 ta attraksionlarning faoliyati aniqlangan barcha kamchiliklar toʻliq bartaraf etilmaguncha hamda qonuniy ruxsatnomalar olinmagunga qadar butunlay toʻxtatildi va obyektdagi qurilmalar elektr energiyasi tarmogʻidan uzildi.
- Majburiy demontaj: Amaldagi texnik normalarga mutlaqo javob bermaydigan va fuqarolar hayotiga real xavf tugʻdiruvchi 2 dona “Ziplayn” moslamasi hududdan toʻliq demontaj qilib olib tashlandi.
Fargʻona tumani hokimligi qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida davlat siyosatining daxlsizligini eslatib oʻtadi. Hududdagi barcha madaniyat va istirohat bogʻlari, koʻngilochar maskanlar faoliyati ustidan qatʼiy tizimli nazorat reydlari davom ettiriladi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini qoʻllab-quvvatlagan holda, jamoatchilik nazorati doirasida mazkur tizimli muammoni huquqiy maydonda yoritgan "Effect.uz" axborot agentligi vakillariga minnatdorchilik bildiriladi.







