Ta’lim muassasalaridagi ishlar deputatlik nazoratida
2026-06-04 12:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tuman Kengashi kotibiyati mudiri Shuxratjon Raximov hamda tuman Kengashi deputati Ozodaxon Dadajonova tomonidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida nazorat o‘rganishi o‘tkazildi.
O‘rganish davomida umumta’lim maktablarini zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun zarur jihozlarni xarid qilish, shuningdek, ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari holati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilar bilan o‘tkazilgan muloqotda ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, ta’lim muassasalarida shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ajratilgan budjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishini tasdiqlovchi hujjatlarni tuman Kengashiga taqdim etish, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishdagi deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari hamda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari deputatlar tomonidan izchil davom ettiriladi.

