“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasblar tanlovi oʻtkazildi
2026-06-04 09:00:00 / Yangiliklar

“Yoshlar kuni” munosabati bilan Fargʻona tumanida yoshlarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga qiziqtirish hamda bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasblar tanlovi tashkil etildi.
Tanlovning ochilish marosimida Fargʻona tumani hokimi oʻrinbosari Ilhomjon Toshpoʻlatov ishtirok etib, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga undash, ularning bilim va mahoratini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar oʻz kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarini namoyish etib, turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro bellashdilar.



